O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) O‘zbekiston Respublikasining kritik minerallar va texnologik metallar sohasidagi yetakchi sanoat kompaniyasi hamda mamlakatning ushbu yo‘nalishdagi milliy brendidir.
TMK faoliyati foydali qazilmalarni qazib olish, boyitish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli metall mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularni jahon bozoriga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan “kon-metall-bozor” to‘liq qiymat zanjiri asosida tashkil etilgan.
Kombinat bugungi kunda volfram, molibden, reniy, grafit, litiy, nikel, kobalt va boshqa kritik minerallarni o‘zlashtirish hamda qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
TMK 2026-2030-yillarda umumiy qiymati 4,2 milliard AQSH dollariga teng 120 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 30 ga yaqin turdagi sanoat uchun muhim minerallarni ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hajmini oshirish hamda mamlakatning global kritik minerallar bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Bugungi kunda TMK tarkibida innovatsiyalar va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan “Kelajak metallari” texnoparklari, ilg‘or ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantiruvchi “R&D Park”, kukun metallurgiyasi asosida yuqori aniqlikdagi sanoat komponentlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Smart Powder”, sanoat miqyosida sulfat kislota ishlab chiqarish, tog‘-kon, metallurgiya va kimyo sanoati tarmoqlarini xomashyo bilan ta’minlashga xizmat qiluvchi “TMK Chemicals” kabi korxonalar faoliyat yuritmoqda.
TMK xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritib, xorijiy investorlar, ilmiy markazlar, universitetlar va global texnologik kompaniyalar bilan strategik hamkorlikni izchil kengaytirmoqda. Kompaniya ESG tamoyillari, barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat, zamonaviy boshqaruv, ilg‘or texnologiyalar va inson kapitalini rivojlantirishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilagan.
TMK O‘zbekistonning texnologik mustaqilligini mustahkamlash, yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksport salohiyatini oshirish, yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish hamda mamlakatni global kritik minerallar qiymat zanjirining muhim ishtirokchisiga aylantirish yo‘lida izchil faoliyat yuritmoqda.