2025-yilda kritik minerallar sektoriga global investitsiyalar 9%ga, geologik qidiruv xarajatlari esa 10%dan ko‘proqqa kamaydi. IEA ma’lumotiga ko‘ra, geosiyosiy keskinlik va narxlar o‘zgaruvchanligi fonida investorlar ehtiyotkorroq harakat qilmoqda. Shu bilan birga, kritik minerallarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda.
Bunday sharoitda mineral xomashyoni chuqur o‘rganish, uning tarkibi va xususiyatlarini aniqlash, qayta ishlash texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish hamda sanoatga joriy etish uchun ilmiy-texnologik imkoniyatlarning ahamiyati ortmoqda.
O‘ZBEKISTON YANGI ILMIY-TEXNOLOGIK INFRATUZILMA YARATMOQDA
TMK R&D Park kritik minerallar bo‘yicha ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlanmalarni sanoatga olib chiqishga qaratilgan yaxlit ekotizim sifatida shakllantirilmoqda.
R&D Park modeli namunani qabul qilish va saralash, nano-tahlil va tadqiqot, texnologiya ishlab chiqish, pilot sinov va aprobatsiya, tijoratlashtirish va investitsiya hamda innovatsion mahsulot yaratish bosqichlarini o‘zaro bog‘laydi.
Ushbu tizimning muhim yo‘nalishlaridan biri — Markaziy nano-tahlil laboratoriyasi.
YILIGA 300 MINGTAGACHA NAMUNANI TAHLIL QILISH IMKONIYATI
Yangi laboratoriya yiliga 300 mingtagacha namunani tahlil qilish quvvatiga mo‘ljallangan. Uning imkoniyatlari 40 dan ortiq element bo‘yicha zamonaviy tahlillarni amalga oshirishga qaratilgan.
Namuna bilan ishlash jarayoni qabul qilish va tayyorlashdan boshlanib, kimyoviy eritish, instrumental tahlil, sifat nazorati, hisobot va arxivlashgacha davom etadi. Tahlillarda ICP-OES/MS, XRF/XRD, AAS kabi zamonaviy analitik usullar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Sifat nazoratida SGS QC, natijalarni boshqarish va hisobotlarni shakllantirishda esa LIMS tizimidan foydalanish nazarda tutilgan.
Loyiha faqat yangi laboratoriya quvvatini yaratish bilan cheklanmaydi. Uning muhim vazifalaridan biri bugungi kunda xorijda bajarilayotgan tahlil xizmatlarini bosqichma-bosqich mahalliylashtirish, tahlil muddatlarini qisqartirish, transport va logistika xarajatlarini kamaytirish hamda kelgusida laboratoriya xizmatlarini eksport qilish imkoniyatlarini rivojlantirishdir.
Loyihaning keyingi rivojlanish bosqichlarida avtomatik mineralogiya, yuqori aniqlikdagi element tahlili va yuqori soflikdagi metallarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
LABORATORIYA TAHLILIDAN SANOATGA JORIY ETISHGACHA
R&D Parkning muhim jihati shundaki, laboratoriyada olingan tahlil natijalari keyingi texnologik bosqichlar bilan bog‘lanadi.
R&D Park tarkibidagi Texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish markazi rudalar va sanoat chiqindilaridan qimmatli komponentlarni ajratib olish bo‘yicha texnologiyalarni ishlab chiqish, laboratoriya sinovlarini o‘tkazish va ularni sanoatga joriy etish uchun yechimlar tayyorlashga qaratilgan.
Bu yerda xomashyoni boyitish, texnologik jarayonlarni ishlab chiqish, optimal parametrlarni aniqlash, turli xomashyolarni qayta ishlash imkoniyatlarini baholash va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni shakllantirish kabi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Shu tariqa, R&D Parkda namunani tahlil qilishdan texnologiyani ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish, pilot bosqichda tekshirish, tijoratlashtirish va sanoatga joriy etishgacha bo‘lgan jarayonlar o‘zaro bog‘lanmoqda.
MARKAZIY OSIYO UCHUN CRM BO‘YICHA TAYANCH MARKAZ
R&D Park Markaziy Osiyo uchun kritik xomashyo (CRM) bo‘yicha tayanch markaz sifatida shakllantirilmoqda. Loyiha materiallarida u Markaziy Osiyodagi yagona CRM R&D markazi sifatida ko‘rsatilgan.
Park tarkibida nano-tahlil laboratoriyasi bilan bir qatorda Texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish markazi, O‘zbekiston–Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi, yuqori soflikdagi metallar yo‘nalishi, Additiv texnologiyalar markazi, arbitraj ombori va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish markazi kabi yo‘nalishlar birlashtirilmoqda.
Bu infratuzilma O‘zbekistonda kritik xomashyoni tahlil qilish, yangi qayta ishlash texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va yangi texnologiyalarni sanoatga joriy etish uchun zarur ilmiy-texnologik muhitni shakllantiradi. Tijoratlashtirish markazining vazifalariga ham ishlanmalarni patentlash, texnologiyalarni sanoatga tatbiq etish va tijoratlashtirish kiradi.
Shu orqali xalqaro texnologik kompaniyalar, tog‘-kon sanoati ishtirokchilari, ilmiy markazlar va investorlar bilan qo‘shma tadqiqotlar, texnologik sinovlar va sanoatga joriy etishga qaratilgan loyihalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Agar siz kritik minerallarni tahlil qilish, boyitish va qayta ishlash, yangi materiallar yoki texnologik sinovlar bo‘yicha yechimga ega bo‘lsangiz, uni O‘zbekistonda TMK R&D Park bilan birgalikda sinovdan o‘tkazing va sanoatga joriy etish bosqichiga olib chiqing.