ico
ico ico ico

Sayt test rejimida ishlamoqda

Rangli sxemasi:
A A A
O‘lchov:
A A A A A
sound Ovozli hamroh
Saytda ovozli hamhroh funksiyasi mavjud. Matnni eshitish uchun uni sichqoncha bilan belgilang va paydo bo‘lgan ikonkani bosing.

OʻzTMK ilmiy-innovatsion tadqiqotlar sohasida yangi sahifa ochmoqda

 OʻzTMK ilmiy-innovatsion tadqiqotlar sohasida yangi sahifa ochmoqda 13.01.2025
OʻzTMK ilmiy-innovatsion tadqiqotlar sohasida yangi sahifa ochmoqda

Oʻzbekistonning togʻ-kon va metallurgiya sanoatida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda yangi davr boshlanmoqda. Xususan, 2024-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biri AQSHning Kolorado konlar maktabi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda. Ikki tashkilot vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan hamkorlik uchrashuvida sohada innovatsion loyihalar va taʼlim dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.


Kolorado konlar maktabi bilan hamkorlikni amalga oshirish orqali qoʻshma oʻquv rejalar ishlab chiqilib, mutaxassislarni tayyorlash uchun moslashtirilgan dasturlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun xalqaro tajriba orttirish imkoniyatlari yaratilib, yiliga 10 dan ortiq talaba va mutaxassislar Kolorado konlar maktabida amaliyot oʻtab, ilgʻor tajribalarni oʻrganish imkoniga ega boʻlishadi. Ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlik sababli, yosh mutaxassislarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, texnologik innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan laboratoriyalarni tashkil etish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, mamlakatimizning iqtidorli talabalari uchun Kolorado konlar maktabida oʻqishga moʻljallangan maxsus stipendiya dasturlarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun xalqaro grantlar ajratish muhim vazifalar sifatida qaralmoqda.


Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati Kolorado konlar maktabi bilan hamkorlikda Texnologik metallar oliy maktabini ham tashkil etishni rejalashtirgan boʻlib, unda taʼlim va tadqiqot jarayonlari xalqaro standartlar asosida, zamonaviy talablarga mos ravishda yoʻlga qoʻyiladi. Bu taʼlim muassasasi innovatsion yondashuvlar va ilgʻor texnologiyalar orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni maqsad qilgan. Yillik bitiruvchilar soni 50-70 nafarni tashkil etib, ular nafaqat milliy, balki xalqaro bozorda ham talabgir boʻlgan, yuqori saviyadagi kadrlar sifatida faoliyat koʻrsatadi. Bundan tashqari, Texnologik metallar oliy maktabi doirasida soha mutaxassislari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Ushbu kurslar orqali esa kadrlar sohaning eng yangi tendensiyalari va ishlab chiqarish texnologiyalari bilan tanishib, oʻz professional darajalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Xalqaro standartlarga mos taʼlim dasturlari mutaxassislarga nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliyotda qoʻllash uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni ham taqdim etadi. Bu esa ularning kasbiy malakasini yuqori bosqichga koʻtarib, dunyo miqyosida raqobatbardosh kadrlar sifatida yetishib chiqishlariga yordam beradi. Shu tariqa, ushbu maktab metallurgiya sohasidagi barqaror rivojlanish va professional kadrlarni tayyorlashda muhim oʻrin tutadi.


OʻzTMK tashabbusi bilan Kolorado konlar maktabi vakili mamlakatimizning bir qator yetakchi universitetlari, xususan, Toshkentdagi Markaziy Osiyo universiteti hamda Toshkent davlat texnika universitetida ham boʻlib, professor-oʻqituvchilar uchun ilmiy uchrashuvlarda ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar davomida universitetlarning ilmiy xodimlari xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlar bilan tanishish, sohaga doir ilgʻor metodikalarni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Aytish joizki, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati va Kolorado konlar maktabi oʻrtasidagi hamkorlik mamlakatimizning ilmiy-innovatsion tadqiqotlar sohasidagi yetakchi mavqeyini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xalq so'zi

O'zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar
O‘zbekiston 24
03.09.2025
O'zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar
TMK Yevropa muhim xomashyo alyansi a’zosi
Zo‘rTV
03.09.2025
TMK Yevropa muhim xomashyo alyansi a’zosi
O‘zbekiston geosiyosiy sahnada yana bir muhim «chipta»ni qo‘lga kiritdi
Gazeta.uz
13.08.2025
O‘zbekiston geosiyosiy sahnada yana bir muhim «chipta»ni qo‘lga kiritdi

Bizning hamkorlarimiz

Foydali havolalar