O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mustaqil xalqaro auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, volfram bo‘yicha RMAP Conformant maqomini qo‘lga kiritdi.
Bu Markaziy Osiyo volfram sanoatidagi birinchi shunday natijadir.
Jahon bozorida metallning sifati va narxi bilan birga, uning qayerdan kelgani, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani va xaridorga qay tarzda yetkazib berilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yirik sanoat kompaniyalari xomashyo yetkazib beruvchilarni tanlashda ta’minot zanjirining shaffofligi va mas’uliyatli xarid tamoyillariga alohida e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati erishgan natijaning ahamiyati ham shu bilan bog‘liq. RMAP Conformant maqomi korxonaning mineral xomashyoni mas’uliyatli yetkazib berishga doir tegishli talablarga muvofiqligi mustaqil audit orqali baholanganini anglatadi.
Bu maqom O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Xalqaro bozorga chiqishda ishlab chiqarish quvvati va mahsulot sifati bilan bir qatorda, xaridorning ishonchi ham muhim. Yangi maqom O‘zbekiston volframining xalqaro xaridorlar uchun ishonchli ta’minot manbai sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, u yirik sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi xaridorlar bilan aloqalar o‘rnatish va eksport bozorlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha asos yaratadi. Bu, ayniqsa, yetkazib beruvchilarga mas’uliyatli ta’minot bo‘yicha talablar qo‘yadigan kompaniyalar bilan ishlashda ahamiyatlidir.
RMAP tizimining Yevropa komissiyasi tomonidan ham rasman tan olingani uning xalqaro ta’minot zanjirlaridagi ahamiyatini oshiradi.
Bu e’tirof O‘zbekiston volframining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash va xalqaro xaridorlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.