AQShning Yuta universiteti professor va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston texnologik metallar kombinati TMK R&D Parkga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tomonlar kritik va kamyob yer metallari, materialshunoslik, zamonaviy metallurgiya texnologiyalari hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha uzoq muddatli ilmiy-texnik va ta’lim hamkorligi istiqbollarini muhokama qildi.
Yuta universiteti vakillari TMK R&D Parkning laboratoriya va ilmiy-texnik infratuzilmasi, zamonaviy tahlil uskunalari hamda kritik minerallar, mineral xomashyoni qayta ishlash, akkumulyator, nano va funksional materiallar bo‘yicha tadqiqot imkoniyatlari bilan tanishdi.
Muloqotda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, laboratoriya infratuzilmasidan birgalikda foydalanish, professorlar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, shuningdek, 1+1 magistratura dasturi va sanoat doktoranturasi modelini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida dastlabki 2–3 ta ustuvor ilmiy-tadqiqot loyihasini aniqlash, birinchi qo‘shma loyiha konsepsiyasini tayyorlash va ikki tomonlama hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi.
Mazkur tashrif Yuta universitetining ilmiy salohiyati bilan TMK R&D Parkning laboratoriya imkoniyatlari va real sanoat vazifalarini birlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim asos yaratdi.