Seul shahrida O‘zbekiston–Koreya hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishidan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) o‘z stendi bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazma O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini Koreya ishbilarmon doiralariga taqdim etish, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va sanoat hamkorligini yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
TMK stendida O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoati imkoniyatlari, jumladan, volfram, molibden, yuqori tozalikdagi reniy kabi kritik minerallar portfeli hamda ushbu yo‘nalishlarda koreyalik investorlar va texnologik hamkorlar uchun mavjud imkoniyatlar taqdim etildi.
Shuningdek, TMKning Hub Concept modeli, “Kelajak metallari texnoparki” hamda Korea Powder Metallurgy bilan hamkorlikda avtomobil komponentlarini ishlab chiqarishga qaratilgan Smart Powder qo‘shma loyihasi taqdim etildi.
Ko‘rgazma doirasida TMKning ilmiy-texnologik ekotizimi, xususan, R&D Park by TMK hamda KITECH bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekiston–Koreya noyob metallar markazi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi.
Forum va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasidagi ishtirok O‘zbekistonning kritik minerallar, tog‘-kon va metallurgiya sohalaridagi imkoniyatlarini koreyalik hamkorlarga bevosita taqdim etish, investitsiya va texnologik hamkorlik uchun mavjud yo‘nalishlarni namoyish etishga xizmat qildi.