Toshkentda bo‘lib o‘tgan GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) geologiya, kritik minerallar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida faol ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida TMK xalqaro eksperti Mike Beare Ministerial Panel sessiyasiga moderatorlik qildi, Anna Fonseca O‘zbekistonning geologik va sanoat salohiyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. TMK Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Amir Abidov esa sun’iy intellektning Markaziy Osiyo kritik xomashyo sanoatidagi o‘rni haqida ma’ruza qildi.
TMK tomonidan volfram va molibden asosidagi mahsulotlar, 3D geologik modellashtirish, raqamli texnologiyalar hamda kritik minerallarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yechimlar taqdim etildi.
Shuningdek, SLB, Geometrics, Insuco, Xcalibur Smart Mapping, STRYDE, TDS, Aubergine Micro va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan B2B muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar yakunida Aubergine Micro bilan hamkorlik memorandumi imzolandi, Geometrics va SLB bilan memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
GEOMIN 2026 TMK uchun xalqaro texnologik hamkorliklarni kengaytirish va O‘zbekistonning kritik minerallar salohiyatini yangi amaliy loyihalar bilan bog‘lash uchun muhim platforma bo‘ldi.