#ITIA_2026
Ayni kunlarda Germaniyaning Berlin shahrida Xalqaro volfram sanoati assotsiatsiyasi (ITIA)ning 39-yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) assotsiatsiyaning Markaziy Osiyo bo'ylab yagona a'zosi sifatida volfram sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va xaridorlari bilan O‘zbekiston volfram mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish va yangi savdo aloqalarini shakllantirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
ITIA bugungi kunda dunyoning 25 mamlakatidan 68 ta kompaniyani birlashtirgan global sanoat platformasi hisoblanadi. Berlin yig‘ilishida volfram bozorlaridagi vaziyat, global talab, volframning istiqboldagi qo‘llanilishi va bozor prognozlari muhokama qilinmoqda.
Yig‘ilish doirasida TMK delegatsiyasi Yaponiya, Germaniya, AQSH, Kanada, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Italiya, Shveysariya, Estoniya, Tailand, Qozog‘iston va Tayvan kompaniyalari bilan qator biznes uchrashuvlarini o‘tkazmoqda.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan volfram mahsulotlari, jumladan, volfram oksidi, volfram karbidi, volfram shtabiklari va volfram barlari kabilar uchun yangi xaridorlar va eksport bozorlarini shakllantirish, savdo aloqalarini kengaytirish hamda uzoq muddatli yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.
Shuningdek, volframdan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi end-user kompaniyalar TMK tasarrufidagi “Kelajak metallari texnoparki” O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yaratishda TMK bilan hamkorlik qilishga kelishildi.
ITIA kabi global sanoat platformalaridagi faol ishtirok TMKga xalqaro xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, O‘zbekiston volfram mahsulotlarining eksport geografiyasini va mamlakatning global volfram ta’minot zanjiridagi ishtirokini kengaytirish imkonini bermoqda.