Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK)ning Chirchiq shahridagi zamonaviy sanoat obyektlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Yangi Oʻzbekiston universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Olmaliq davlat texnika instituti rektorlari, shuningdek, Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filiali, Turin politexnika universiteti hamda “MISiS” Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq shahridagi filiali rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida TMKda dual taʼlim tizimini rivojlantirish, sanoat, ilm-fan va ta’limda tubdan yangi mexanizmlarni joriy qilish, kafedra filiallarini tashkil etish muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolariga TMK tomonidan ishga tushirilayotgan zamonaviy sanoat hamda innovatsion infratuzilmalar “Kelajak metallari” texnoparki (Chirchiq), R&D Park, Situatsion markaz, Kooperatsiya markazi va Axborot-tahlil markazi faoliyati taqdim etildi.
Mehmonlar ushbu obyektlarda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Muloqot yakunida ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan:
➡️TMK huzurida Ilmiy-texnik kengash tashkil etish;
➡️Dual taʼlim tizimini joriy etish;
➡️Magistratura va doktorantura ilmiy tadqiqotlarini TMKning amaliy ishlab chiqarish vazifalariga yo‘naltirish;
➡️Ilmiy ishlarni bevosita TMK bazasida amalga oshirish va himoya qilish;
➡️Texnikumlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish hamda yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash borasidagi davlat siyosatining amaliy ifodasi boʻldi.
TMKda amalga oshirilayotgan ushbu hamkorlik tashabbuslari mamlakatimizda ilmiy salohiyatni real sanoat ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.