Berlinda O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan kritik minerallar sanoatidagi yangi imkoniyatlarni xalqaro biznes hamjamiyatiga taqdim etishga qaratilgan Road Show bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Germaniyaning qariyb 20 ta kompaniyasi, yirik sanoat ishlab chiqaruvchilari, yakuniy iste’molchilar, xalqaro moliya institutlari vakillarini bir maydonda jamlab, investitsiya, texnologiya transferi va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun muhim platformaga aylandi.
Road Show doirasida TMKning umumiy qiymati qariyb 4,2 milliard AQSH dollariga teng 140 dan ortiq investitsiya loyihasidan iborat portfeli taqdim etildi. Shuningdek, TMKning integratsiyalashgan sanoat modeli, volfram klasteri, molibden klasteri hamda R&D va innovatsion infratuzilmasi taqdim etildi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Germaniyaning yetakchi sanoat kompaniyalari va yakuniy iste’molchilarini O‘zbekistondagi yangi ishlab chiqarish loyihalariga jalb etish bo‘ldi.
TMKning maqsadi faqat xomashyo yoki yarim tayyor mahsulot eksportini kengaytirish emas. Asosiy yondashuv ilg‘or texnologiyalar va ishlab chiqarish kompetensiyalarini O‘zbekistonga olib kirish, ularni mahalliylashtirish va kritik minerallar asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni mamlakatimizning o‘zida ishlab chiqarish.
Berlinda o'tkazilgan Road Show O‘zbekistonning mineral salohiyatini Germaniyaning texnologik, sanoat va moliyaviy imkoniyatlari bilan bog‘lashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston resurs eksportidan global sanoat hamkorligiga o‘tmoqda. TMK esa bu transformatsiyaning markazida.
#CriticalMinerals #Uzbekistan #Germany #IndustrialCooperation #TechnologyTransfer #AdvancedManufacturing #TMK